СДЕЛАЙТЕ СВОИ УРОКИ ЕЩЁ ЭФФЕКТИВНЕЕ, А ЖИЗНЬ СВОБОДНЕЕ

Благодаря готовым учебным материалам для работы в классе и дистанционно

Скидки до 50 % на комплекты
только до

Готовые ключевые этапы урока всегда будут у вас под рукой

Организационный момент

Проверка знаний

Объяснение материала

Закрепление изученного

Итоги урока

Самонийлар даври мусиқа маданияти

Категория: Искусство

Нажмите, чтобы узнать подробности

Самонийлар даври мусиқа маданияти

Просмотр содержимого документа
«Самонийлар даври мусиқа маданияти»

1-mavzu: Somoniylar davri musiqa madaniyati.

Mavzu rejasi:

  1. Movaraunnahrda Somoniylar davlatining vujudga kelishi va hukmronlik davri.

  2. Marv, Buxoro, Samarqand va Urganch o‘z davrining madaniy markazlari. Buxoro kutubxonasi.

  3. Somoniylar davri she’riyati.

  4. Saroy shoirlari va musiqachilarining ijodidagi asosiy janr qasida haqida. Firdavsiy va uning “Shohnoma” asari.

  5. Somoniylar davri musiqiy cholg‘ular.

  6. Ahmad al-Farg‘oniy, Muhammad ibn Muso al-Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy hayoti va ijodi.

  7. Abu Abdulloh ibn Yusuf al-Kotib al-Xorazmiy musiqa ilmi sohasidagi merosi.“Mafatix al-ulum” asari.“Soflik birodarlari va vafo do‘stlari” (“Ixvanus-safa va xullanul vafa).

Tayanch so’zlar: Somoniylar, Rudakiy, Firdavsiy, Forobiy, Al-Xorazmiy, “SHohnoma”, “Kitab ul-musiqi al-kabir”.


Аdabiyotlar:

1. Istoriya muziki narodov Sredney Azii i Kazaxstana. Moskva. 1994.

2. Muzшkalnaya estetika stran Vostoka. Moskva. 1967.

3. Muzikalnaya estetika stran Vostoka. Moskva. 1967.

4. T.S.Vшzgo. Muzшkalnie instrumenti Sredney Azii Moskva. 1980.

5. O’zbekiston xalqlari tarixi. 1-jild. Toshkent. 1992.

6. Kaykovus. Qobusnoma. Toshkent. 1994.

htt’://turkology.tk/library/354

htt’://www.cultinfo.ru

htt’://mytashkent.uz/2014/10/17/istoriya-uzbekskoj-muzyki/

htt’://dic.academic.ru/dic.nsf/enc_music/7749/Uzbekskaya


873 yili Tohiriylar sulolasining qulashi Movarounnahrda Somoniylar hokimiyatining qaror topishi uchun qulay sharoit yaratdi. SHu davrdan e’tiboran Somoniylar Movarounnahrni birlashtirdilar.

886 – 887 yillarga kelib, Somoniylardan bo’lgan Nasr ibn Ahmad o’zini butun Movarounnahrning hukmroni deb e’lon qiladi. Ammo uning ukasi Ismoil Nasrga bo’ysunmaydi va 888 yilda aka-ukalar orasida urush boshlanadi. Nasr qo’shinlari tor-mor keltiriladi va Movarounnahr Ismoilning qo’liga o’tdi. 900-yillarda Somoniylar davlati kuchayadi. Ismoil SHarqiy Eron hisobiga o’z tasarrufidagi yerlarni kengaytirdi.

Markaziy Osiyo rivojlangan feodalizm pallasiga kirdi. Feodal xonliklar mustahkamlandi, shaharlar o’sdi, savdo jonlandi. Somoniylar davrida Markaziy Osiyo deyarli yuz yil mobaynida chet el bosqinchilarining hujumiga duch kelmadi, bu esa, mamlakat xo’jaligi va madaniyatining rivojlanishiga imkon berdi.

SHahar bilan qishloq o’rtasida ortib boruvchi mol ayirboshlash, karvon savdosining gurkirashi qishloq xo’jaligining, konchilik va hunarmandchilikning rivojlanishini ta’minladi.

Somoniylar davrida Movarounnahrda Janubiy-SHarqiy Ovro’po, Eron va Kavkazni Markaziy Osiyo orqali Mo’g’uliston va Xitoy bilan bog’lab turuvchi karvon savdosi katta ahamiyat kasb etdi.

X asrda savdogarlar savdo uyushmalariga birlashgan, savdo-sotiqda cheklar ko’p qo’llanilar edi. Katta miqdordagi pulni biror shaharning biror sarrofiga berib, uniig evaziga undan chek olish va mo’ljallangan joyga borib shu chekni ko’rsatib, chekda ko’rsatilgan miqdordagi pulni to’la ravishda qaytarib olish mumkin edi.

Arab istilosi davrida islomlashtirilgan hududda arab tilini o’zlashtirish joiz bo’ldi. Arab tili faqat musulmon aqoidlarida, rasmiy amaldorlar doirasidagina emas, balki fors, xorazm, sug’d aslzodalari muhitida ham qo’llana boshlandi. Barcha shariat qoidalari, rasmiy qog’ozlar, barcha ilmiy asarlar arab tilida yoziladigan bo’ldi. Arab tilini bilmagan odam amaldor bo’la olmas edi.

Somoniylar hukmronligi davrida Xuroson va Movarounnahr madaniy hayotida katta yuksalish kuzatildi. Marv, Buxoro, Samarqand va Urganch o’z davrining madaniy markazlari sifatida dong taratdi. Bular orasida Buxoro ayniqsa mashhur edi; zero unda saroy va davlatning markaziy idorasi joylashgan edi.

Abu Ali ibn Sino Buxoroda ajoyib kitob bozori bo’lganligi haqida yozadi. Bu erdagi kitob do’konlarining biridan u o’ziga kerakli bo’lgan Arastuning «Metafizika» asarini alloma Forobiy sharhlari bilan topishga muvaffaq bo’ladi.

Kitobfurushlarning o’zlari ham ilmli insonlardan bo’lganlar. Kitob do’konlarida shoir, faylasuf, tabib, riyoziyot ilmlari sohibi (matematik), munajjim, tarixchi va boshqalar bilan uchrashish, ular bilan turli mavzularda ko’ngilli munozaralar olib borish mumkin edi.

Buxoro o’zining amir saroyidagi kutubxonasi bilan ham dong chiqargan edi. Amirning ijozati bilan Ibn Sino bu kutubxonadan foydalanish imkoniyatiga ega bo’lgan va uning qisqacha ta’rifini bergan. Kutubxona bir qancha xonalarni egallagan. Har bir xonada maxsus sohaga, shariatga, she’riyatga oid ko’plab qo’lyozmalar bo’lar edi. Qo’lyozmalar sandiqlarda saqlanardi. Buxoro kutubxonasi SHeroz kutubxonasi bilangina bellasha olardi. Old Osiyodagi boshqa kutubxonalar bunga teng kelolmasdi.

Buxoroda o’sha davrda atoqli shoirlardan Rudakiy va Daqiqiylar yashab ajoyib she’rlar yaratishgan, Firdavsiy ham bu erda bo’lgan. Mashhur tabiatshunos, tabib, faylasuf, shoir Abu Ali ibn Sino o’zining yoshlik yillarini Buxoroda o’tkazgan.

IX-X asrlarda ilm-fan, madaniyat va san’atning barcha turlari ravnaq topdi, buyuk mutafakkirlar, ulamo-yu fuzalolar ham ayni shu davrda, shu zamindan yetishib chiqdilar. O’tmish madaniyatimiz, ma’naviyatimizga taalluqli manbalarning asosiy qismi ham shu davrda yaratildi. Xususan, al-Kindiy, Abu Nasr al-Forobiy, «Ixvanus-safo», Abu Ali ibn Sino, Muxammad al-Xorazmiy kabi qomuschi-allomalarning musiqa masalalariga bag’ishlangan asarlari IX-X asrlar musiqa madaniyatini o’rganishda asosiy manba bo’lib xizmat qiladi.

Aytish joizki, musiqa san’atiga o’sha davr hukmron sinflarining maishiy turmush tarzi va vaqtguzaronligi yaxshigina ta’sir ko’rsatgan. Musiqa hukmron sinf hayotining muhim lazzatbaxsh omillaridan biri edi. Bu haqda Unsurulmaoliy Kaykovusning mashhur “Qobusnoma”sida ham qiziqarli ma’lumotlar keltirilgan.

O’sha davrda musiqachilarning ikki asosiy guruhi tashkil topadi. Birinchisi, bazmu ziyofatlar, majlislarda xizmat qiladigan guruh bo’lib, xonanda, torli va damli sozlar ijrochilari, shuningdek, yopiq maydonda ijro etish uchun mo’ljallangan zarbli cholg’ular ijrochilaridan iborat; ikkinchisi esa harbiy-amaliy funktsiyalarni bajaradigan guruh bo’lib, tarkibiga karnay, nog’ora kabi ochiq maydonda ijro etiladigan jarangdor cholg’ular ijrochilari kirgan. Bunday bo’linish, atoqli olim F.M.Karomatovning qayd etishicha, keyinchalik o’zbek milliy cholg’u ansambllarining ikki asosiy turi vujudga kelishiga olib kelgan1.

IX-X asrlarda Markaziy Osiyo xalqlari cholg’ularining ko’p turliligi bilan ajralib turgan. Kasbiy ijrochi va nazariyotchilar orasida ud (yoki barbat) eng ommalashgan cholg’u edi. Musiqiy risolalarning alohida boblari mazkur cholg’u tavsifiga bag’ishlangani ham bejiz emas. Bundan tashqari ikki turdagi – Bag’dod va Xuroson tanburi, shuningdek rubob ham amaliyotda qo’llanilgan. Damli cholg’ular – nay va surnayning har xil turlari keng tarqalgan.

Saroy musiqachilariga tegishli axloqiy va kasbiy qoidalar Kaykovusning mashhur “Qobusnoma”sida aks ettirilgan: “Agar nazirsiz (benazir) ustod bo’lsang ham majlis ichidagi harif (ulfat)larga qarag’il, agar musiqiydan zavq olg’uvchi qarilar va xos odamlar bo’lsa, mutriblik qil, yaxshi yo’llarni va navolarni chertg’il [...] Yana diqqat qilib qarag’ilki, mazkur bazmda har kishi qaysi yo’lni yaxshi ko’radi, shu kishiga kosa yetg’on choqda uni aytg’il. Unday vaqtda ul odamlardin biror narsa umid qilsang, shuni topasan...”2.

Biroq musiqachilarning kiborlar didi va ehtiyojlariga tobe bo’lganligiga qaramay, ushbu davr musiqa madaniyati o’zining asrlar davomida shakllangan badiiy-estetik printsiplarini saqlab qoldi va rivojlantirdi. Musiqa san’atining yuksak badiiy-estetik ideallari, kasbiy musiqachining axloq kodeksi eng avvalo musiqa ilmiga bag’ishlangan asarlarda o’z ifodasini topdi3.

Somoniylar davrida she’riyat ayniqsa gullab-yashnadi. Saroy she’riyati, asosan xalq adabiy an’analari va xalq og’zaki ijodi zamirida yaratildi. “Saroy shoirlari va musiqachilari ijodidagi asosiy janr – hukmron shaxslarni maqtaydigan va sharaflaydigan qasida edi. Qasidalarning asosiy mohiyati, qasida bag’ishlangan shaxsni daholashtirish edi. Uning muqaddima qismi (nasib)ga cholg’u asbobi jo’r bo’lgan. Ba’zan bazm kechalarida musiqiy cholg’ular mustaqil ravishda kuylar ijro etishlari mumkin edi. Nasibdan musiqiy-she’riy san’atning, ya’ni musiqachi – mutrib tomonidan ijro etiladigan mustaqil shakli – g’azal tug’ildi. Madhiyasifat musiqiy-she’riy asarlar bilan bir qatorda ijtimoiy qarashlarni ifodalovchi qo’shiqlar ham ijod qilinar edi”.4

Somoniylar hukmronligi davrida Rudakiy qasidaning ustasi bo’lgan. Ba’zi ma’lumotlarga ko’ra, Rudakiy Samarqandning Rudak qishlog’ida (bu qishloq hozir ham mavjud bo’lib, aholi uni shoirning vatani deb hisoblaydi) tug’ilgan. Boshqa ma’lumotlar bo’yicha, Rudakiy nomi shoirning o’zi mukammal egallagan musiqa asbobi – “rud” nomidan olingan.

Rudakiy kambag’al oilada tug’ilgan. U musiqa asbobida chalishni va ashula aytashni erta o’rgangan. Uning shuhrati Buxoro amiri Nasr ibn Ahmadga (914-943) etib boradi va amir uni saroy sozanda va shoirlari qatoriga taklif etadi.

XI asr shoiri Ustodi Rashidiyning yozishicha, u Rudakiyning bir million uch yuz ming bayt she’ri borligini hisoblab chiqqan. Bizgacha Rudakiy she’riyatining ozgina qismi etib kelgan.

Buxoroga bag’ishlangan qasida ajoyib asarlar sirasiga kiradi. Uning yaratilishi xaqida shunday naql qiladilar. “Amir Nasr ibn Ahmad Marvda yashar, saroy ahllari begona shaharda zerikib qoladilar va o’z uylariga qaytish ishtiyoqi tug’iladi. Ular Rudakiydan Buxoro sharafiga qasida yozib berishini iltimos qiladilar. Amir bu qasidani eshitib, darhol ot talab etadi va shu ondayoq Buxoroga jo’nab ketadi”.

Tojik tilida qalam tebratgan zakovatli shoirlardan yana biri Daqiqiy edi. U xalq rivoyatlariga, xalq og’zaki ijodiyotiga suyangan. U X asr oxirlarida Nuh ibn Mansur (976-997) podsholik qilgan zamonda ijod etdi va “SHohnoma” asarini yaratishga asos soldi. Bu asarda Eron va Markaziy Osiyoning arablar istilosigacha bo’lgan tarixi aks ettirilgan bo’lishi kerak edi. Ammo Daqiqiy erta vafot etdi va boshlagan ishini tugata olmadi. “SHohnoma”ni buyuk Firdavsiy XI asr boshlarida Mahmud G’aznaviy podsholik qilgan davrda (998-1030) nihoyasiga etkazdi.

Firdavsiyning dunyoqarashi Somoniylar davrida shakllandi. Abulqosim Firdavsiy 934 yili tavallud topgan. U o’zining mashhur “SHohnoma” dostonini 37 yoshida yoza boshlagan va keksaygan chog’ida – 71 yoshida tugatgan.

Bu davrga kelib faqat xalq og’zaki ijodida rasm bo’lgan qadimgi doston va rivoyatlarga qiziqish kuchaydi. Asosida ikki misrasi o’zaro qofiyalanadigan o’n bo’g’inli mutaqarib vazn yotgan professional (kasbiy) qahramonlik dostonlari vujudga keldi.

SHohnoma – qadimdan arablarning VII asrda Somoniylar davlatini istilo etgunlarigacha bo’lgan, she’riy uslubda bayon etilgan, Eron va Markaziy Osiyoning qahramonona tarixidir. Bu asar o’sha davr musiqasi, musiqiy hayoti, musiqiy cholg’ularini o’rganishda boy manba’ hisoblanadi. “SHohnoma”da eslatilgan torli-nohunli asboblardan rud va zarbli ochlg’u doira keng tarqalgan. Doiraning tasviri “SHohnoma”ga ishlangan turli xil miniatyuralarda va boshqa qo’lyozmalarda tez-tez uchrab turadi. Rudakiy qasidalarida chang va to’rt torli borbad eslatiladi.

O’sha davrda chiltor va ud singari torli hamda puflama cholg’ular (nay) keng tarqalgan edi. Udsimonlardan kvartaga sozlanadigan , besh-olti juft torli ud qo’llanilgan. Darveshali CHangiy (XVII asr) udni “barcha musiqa asboblarining podshosi” deb baholagan edi.

IX-X asrlarda ilm-fan ham juda ravnaq topdi. Markaziy Osiyo xalqlari o’rtasida joriy etilgan islom dini o’z ildizlari bilan qadimga borib taqaluvchi ilmiy an’analarni yenga olmadi.

Bu davrda ajoyib olimlar, shoirlar, musiqachilardan mashhur matematik va munajjim Ahmad Al-Farg’oniy; yirik olim, algebra risolasining muallifi Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy; o’rta asr SHarqining atoqli faylasufi, musiqa sohasidagi ishlari zamondoshlari hamda undan keyingi musiqachilar avlodi uchun asos bo’lgan Abu Nasr Al-Forobiy; o’rta asrdagi ko’plab ilmlarga katta hissa qo’shgan Abu Rayxon Beruniy; buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sino yashab ijod qilganlar.

Buyuk matematiklar Ahmad Al-Farg’oniy, Abu Ja’far Muhammad ibn Muso Al-Xorazmiy Farg’ona va Xorazmdan chiqqanlar. Xalifa Al-Ma’mun (813-833) akademiyasida Al-Xorazmiy Aljabrga, ya’ni riyoziyotga doir asarlari bilan fan tarixida mustahkam o’rin egalladi. Ovro’poda Al-Xorazmiy nomi “algoritm” va “algorifm” atamasi sifatida bizning davrimizgacha saqlanib qolgan. Algebra nomi uning “Kitab al-jabr va al-muqobala” nomidan olingan.

Abu Abdulloh Al-Xorazmiy (X asr)

Markaziy Osiyoning buyuk mutafakkiri, qomuschi olimi Abu Abdulloh ibn Yusuf al-Kotib al-Xorazmiy musiqa ilmi sohasida ham noyob meros qoldirdi. Uning qomusiy “Mafatix al-ulum” (“Ilmlar kaliti”)5 asaridagi “Fil musiqa” (“Musiqa haqida”) bo’limi o’z davrida musiqa ilmiga doir qisqacha, ammo qimmatli ma’lumotlar beradi. “Fil musiqa” uch fasldan iborat: 1) mashhur cholg’ular; 2) jins va jam’lar ta’rifi, ularning tasnifi; 3) iyqo’ masalalariga bag’ishlanadi.

“Mafatix al-ulum” qomusi Yaqin va O’rta SHarq xalqlari cholg’ushunosligiga oid muhim manba’ hisoblanadi. Bunda qadimgi Yunon va SHarq xalqlari musiqa amaliyotida qo’llanilgan arg’anun, lira, kifara, tanbur, rubob va boshqa sozlarning tavsifi, sozlanish uslubi va tarkibi keltirilgan. Xorazmiy jins, jam’, va bo’’d ta’rifida, iyqo’ tasnifida Yunon ilmiy an’analariga tayanib, Forobiyning ratsionalistik ilmiy an’analarini rivojlantiradi.

“Umuman SHarq olimlari, dastlab musiqani ham falsafa ilmlaridan biri deb hisoblaganlar, binobarin o’zlarining qomus tarzida yozilgan kitoblariga kiritganlar. Bunda ular shubhasiz, musiqaning badiiy-estetik kuchi va ijtimoiy-tarbiyaviy rolini hisobga olganlar”6.

O’sha davrlarda musiqa ilmiga matematika fanlarining biri sifatida qaralgan edi. Bunga sabab, musiqani tashkil etgan tovushlar bir-biriga nisbatan ma’lum nisbatda bo’lib, matematikadagi ba’zi konun-qoidalar vositasi bilan tushuntirilar edi. Dastlab, intervallarni tashkil etadigan tovushlar baland-pastligi darajasi torning uzun-qisqaligi bilan o’lchangan. Bunda tor qismlari geometriya yo’li bilan aniqlanib, uning ma’lum bo’laklaridan turli intervallar chiqarib olinadi. Masalan, ikkini birga nisbati (ya’ni, ochiq torning yarmidan hosil etiladigan tovush uning o’ziga nisbatan) oktava darajasidagi intervalni tashkil etadi va matematikada 2:1 tarzida ifoda etiladi. Xuddi shu ma’noda torning 9 bo’lagining 8 bo’lagiga nisbati – katta sekundani, uning 4:3 nisbati –kvartani, 3:2 nisbati – kvintani, 8:3 nisbati - undetsimani, 3:1 nisbati – duodetsimani, 4:1 – kvintdetsimani tashkil etadi. Intervallarning turlari juda ko’p bo’lib, ular tashkil etgan tovushlar nisbati matematika qoidalari asosida tushuntirilar edi. Hatto jins, jam’ va maqomlarni tashkil etgan ayrim tovush(pog’ona)larning o’zaro nisbatlari raqamlar vositasi bilan tushuntirilgan. SHu bois arifmetika, geometriya, astronomiya qatori musiqa ilmi ham matematika fanlaridan biri hisoblangan.

Umuman Kindiy (IX asr), Xorazmiy, Forobiy, Ibn Sino kabi mashhur olimlarning asarlari ko’p asrlar davomida SHarq xalqlari musiqa nazariyasini sharhlab berishda asosiy manba bo’lib xizmat qildi va keyingi davrlarda yaratilgan musiqa risolalarining mazmunini aniqlab berdi.


Nazorat uchun savollar

  1. Somoniylar davrida madaniyat va san’atning rivojlanishiga sabab bo’lgan bosh omil nima edi?

  2. Buxoro amiri saroyidagi shoir va musiqachilar ijod qilgan asosiy janr nima edi?

  3. Somoniylar davrida yashagan musiqachi-shoirlarning faoliyati xususida gapiring.

  4. Somoniylar davrida mashhur bo’lgan musiqiy cholg’ular haqida so’zlang.

  5. Firdavsiy tomonidan yaratilgan mashhur “SHohnoma”ga asos solgan shoir kim edi?

  6. Firdavsiy qalamiga mansub “SHohnoma”da musiqa yohud musiqachilarga oid qanday muhim ma’lumotlar keltirilgan?

  7. “SHohnoma” asariga ishlangan miniatyuralarda aks ettirilgan tasvirlar xususida gapiring.

  8. SHarq musiqa nazariyasining asoschisi Forobiy asli qaerlik bo’lgan?

  9. Forobiyning “Ikkinchi muallim” deb atalishiga sabab nima edi?

  10. Forobiyning musiqaga oid qanday asarlarini bilasiz?

  11. Forobiyning musiqiy cholg’ularni yaratish va takomillashtirishga qo’shgan hissasi xususida so’zlang? Uning o’zi qanday ijrochi edi?

  12. Forobiyni nima uchun “qomusiy olim” deb ataymiz?

  13. Forobiyning sharqu g’arbda birdek mashhur bo’lgan “Katta musiqa kitobi” xususida so’zlang.

  14. “Katta musiqa kitobi” qaysi tilda yaratilgan va qanday tillarga tarjima qilingan?

  15. Abu Abdulloh al-Xorazmiy qanday olim edi?

  16. Musiqa nazariyasiga bag’ishlangan “Fil musiqa” olimning qaysi asari tarkibiga kiritilgan?

  17. “Fil musiqa” asarini olim qanday an’analarga tayanib yaratgan?

  18. “Fil musiqa” asari xususida so’zlab bering.

  19. Xorazmiyning bu asari SHarq musiqa nazariyasida qanday ahamiyatga ega?


1 Караматов Ф. Узбекская инструментальная музыка (наследие). Т., 1972, с.218

2 Кайковус. Қобуснома (Форсчадан Муҳаммад Ризо Огаҳий тарж.). “Ўқитувчи”, Т., 2011, 150-б

3 Дадажонова И. IX-X асрлар Ўзбекистон халқлари мусиқа маданияти. Қўлёзма. Санъатшунослик кутубхонаси. Инв.№1005, Т., 2004, 14-б.

4 Ўзбек музикаси тарихи. Т., 1981, 10-б.

5 Бу асарнинг асл нусхаси Лейденда чоп этилган: Liber Mafatih al-olum expicans vocabula scientiarum. Autore Abu Abdullah Mohammad ibn Yusuf al-Katib al-Khowarazmi, Leiden, 1895.

6 Ражабов И. Мақомлар. Т., “SAN’AT” нашриёти, 2006, 19-б.


Скачать

Рекомендуем курсы ПК и ППК для учителей

Вебинар для учителей

Свидетельство об участии БЕСПЛАТНО!