СДЕЛАЙТЕ СВОИ УРОКИ ЕЩЁ ЭФФЕКТИВНЕЕ, А ЖИЗНЬ СВОБОДНЕЕ

Благодаря готовым учебным материалам для работы в классе и дистанционно

Скидки до 50 % на комплекты
только до

Готовые ключевые этапы урока всегда будут у вас под рукой

Организационный момент

Проверка знаний

Объяснение материала

Закрепление изученного

Итоги урока

2-mavzu Qoraxoniylar davrida (XI-XII asrlar) musiqiy-madaniy hayot.

Категория: Музыка

Нажмите, чтобы узнать подробности

2-mavzu Qoraxoniylar davrida (XI-XII asrlar) musiqiy-madaniy hayot.

Просмотр содержимого документа
«2-mavzu Qoraxoniylar davrida (XI-XII asrlar) musiqiy-madaniy hayot.»

2-mavzu: Qoraxoniylar davrida (XI-XII asrlar) musiqiy-madaniy hayot.


Mavzu rejasi:

  1. Qoraxoniylar davlati tashkil topishi.

  2. Mahmud Qoshg‘ariy va uning “Devonu lug‘otit turk” asari.

  3. Ibn Sino ilmiy merosida musiqaning o‘rni.

  4. “Kitob al-qonun fit-Tib qomusiy asari.

  5. Musiqa ilmiga oid masalalar Ibn Sinoning risolalari.

  6. “Shifo”, “Najot”, “Donishnoma” “Tib qonunlari”, “Ishq risolasi” kitoblarida musiqa.

  7. “Kitob al-qonun fit-Tib qomusiy asari.

Аdabiyotlar:

  1. Istoriya muziki Sredney Azii i Kazaxstana. Moskva. 1995.

  2. Istoriya uzbekskoy muziki. Moskva. 1979.

  3. Muzikalnaya estetika stran Vostoka. Leningrad. 1967.

  4. Rajabov I. Maqomlar. Toshkent. 2006.

  5. Gafurov B.G. Tadjiki. Kniga II. Dushanbe. 1989.

  6. Oripov Z. Sharq musiqiy manbashunosligi. (X -X I asrlar). T., 2008.

  7. Djumaev A.B. Muzikalno-esteticheskie vzglyadi Abu Ali ibn Sini. // Muzika narodov Azii iAfriki. vip. 4. Moskva. 1984.

  8. Vizgo T., Rashidova D. Muzikalno-teoreticheskoe nasledie velikix sredneaziatskix misliteley. // Voprosi muzikalnoy kulturi Uzbekistana. Tashkent. 1969.

  9. Istoriya muziki Sredney Azii i Kazaxstana. Moskva. 1995.

  10. Istoriya uzbekskoy muziki. Moskva. 1979.

  11. Muzikalnaya estetika stran Vostoka. Leningrad. 1967.

  12. Rajabov I. Maqomlar. Toshkent. 2006.

  13. Gafurov B.G. Tadjiki. Kniga II. Dushanbe. 1989.

  14. Oripov Z. Sharq musiqiy manbashunosligi. (X -X I asrlar). T., 2008.

  15. Djumaev A.B. Muzikalno-esteticheskie vzglyadi Abu Ali ibn Sini. // Muzika narodov Azii iAfriki. vip. 4. Moskva. 1984.

  16. Vizgo T., Rashidova D. Muzikalno-teoreticheskoe nasledie velikix sredneaziatskix misliteley. // Voprosi muzikalnoy kulturi Uzbekistana. Tashkent. 1969.

htt’://turkology.tk/library/354

htt’://www.cultinfo.ru

htt’://mytashkent.uz/2014/10/17/istoriya-uzbekskoj-muzyki/

htt’://dic.academic.ru/dic.nsf/enc_music/7749/Uzbekskaya


X asrning 2-yarmida Qoraxoniylar davlati tarkib topdi. Yangi tashkil topgan davlatning birinchi boshlig’i “bo’kraxon” (ya’ni podshoh) deb ataluvchi davlat unvoniga ega bo’lgan.

Bo’g’raxon boshchiligida Ettisuv turkiylarining O’rta Osiyoning g’arbiy viloyatlari – SHosh, Farg’ona, So’g’diyona va boshqa yerlariga bosqinchilik yurishlari boshlandi.

Soliq zulmidan azob chekkan dehqonlar Somoniylar hokimiyatidan norozi bo’lishdi. Eski dehqon zodagonlari markazlashgan amirlik hokimiyati bilan kelishishni xohlamadi.

992 yili Bo’g’raxon dehqonlarning talabi bilan Movarounnahrga keldi va bosib oldi. 999 yili qoraxoniylar Buxoroni qo’lga kiritdilar. Avvalambor, markazlashgan davlat tuzumi butkul quladi. 1001 yili Qashg’ardan Amudaryoga qadar cho’zilib, SHarqiy Turkistonni bir qismi, Ettisuv, SHosh, Farg’ona va qadimgi So’g’diyona hududini o’z ichiga olgan qoraxoniylar davlati bilan SHimoliy Hindistondan qariyb Kaspiy dengizining janubiga qadar cho’zilib, hozirgi Afg’oniston va shimoliy-sharqiy Eronni o’z ichiga olgan g’aznaviylar davlati paydo bo’ldi.

Qoraxoniylar mamlakatni sulola vakillari – ilikxonlar boshqaradigan viloyatlarga bo’lish usulini joriy etishdi. Qoraxoniylar hukmdori – garchi poytaxt Bolasog’unda bo’lsa-da, o’zi ko’pincha Qashg’arda yashardi. U Erondagi “shaxanshoh” singari “xonlar xoni” degan unvonga ega edi. 1072 yilga kelib O’zgan poytaxt bo’ldi va XI asr oxirida O’zgan qoraxoniylar saltanatining Farg’ona viloyati markaziga aylandi.

Qoraxoniylarning tilshunos olimi Mahmud Qoshg’ariy XI asrda o’zining arab tilidagi “Devonu lug’atit turk” (“Turkiy so’zlar lug’ati”) asarini tuzadi. Yusuf Xos Hojib Bolasog’uniy esa turkiy tilda yaratgan “Qutadg’u bilig” asarida ma’lumot berishicha, qoraxoniylar hunarmandlarga, xususan, temirchi, to’quvchi, etikdo’z, suv tashuvchi va boshqa xil kasb egalariga yaxshi munosabatda bo’lishgan.

X asrda yashab ijod etgan jo’g’rofiy olimlar Xorazmning dehqonchiligi rivojlangan, shaharlari ko’p va madaniyati yuksak mamlakat sifatida ta’riflashadi. Ali ibn Ma’mun (997-999) davrida Urganchda ikkita ajoyib saroy qurildi. Abul Abbos Ma’mun (999-1016) o’z saroyida Ma’mun akademiyasi – “Bayt-ul hikma”ni ta’sis etib, atrofiga turli sohaga mansub mashhur SHarq olimlarini to’playdi. Bu erda Abu Ali Ibn Sino, Abu Rayhon Beruniy, Abu Sahl Masihiy, mashhur tabib Abulxayr Hammor va boshqa atoqli olimlar shug’ullanishadi. Beruniy “Ma’mun akademiyasi”ning yetakchi a’zosi bo’ldi. U til, falsafa, falakiyot, riyoziyotni o’rgandi; botanika, mineralogiya va boshqa tabiiy fanlar bilan qiziqdi. Alloma XI asr boshida turli xalqlarning yil hisoblari haqidagi ilk yirik asari – “Osorul boqiya” (“Qadimgi xalqlardan qolgan yodgorliklar”) yoki “Xronologiya” nomli asarini yaratdi. Unda yunonlar, rimliklar, forslar, so’g’diylar, xorazmiylar va boshqa ko’plab elat va xalqlarning barcha davrlari, bayram hamda taqvimlari, Sharq mamlakatlarining madaniyati va adabiyoti to’la bayon etilgan.


Qobusnoma” asarida musiqa masalalari

XI asrning 82-83-yillarida G’arbiy Eron podshohining nabirasi Kaykovus ibn Iskandar o’g’li Gilonshohga bag’ishlab o’zining “Nasihatnoma” asarini yaratadi va o’sha davr an’anasiga ko’ra, uni bobosi podshoh SHamsulmaoliy Qobus sharafiga “Qobusnoma” deb ataydi. “Qobusnoma” asrlar mobaynida SHarqu G’arb mutafakkirlarining diqqat-e’tiborini o’ziga jalb etib kelgan. Bu asar 1702-1705 yillarda turk tiliga, 1786-1787 yillarda Muhammad Siddiq Rashidiy tomonidan uyg’ur tiliga, 1881-yilda Qayum Nosiriy tomonidan tatar tiliga, shuningdek, XIX asrdayoq ingliz, frantsuz, nemis tillariga tarjima qilingan. 1935-yilda esa Tehron universiteti professori, atoqli adib Said Nafisiy “Qobusnoma”ni katta ilmiy sharh bilan nashrdan chiqardi.

“Qobusnoma” ilk bor 1860 yilda atoqli shoir va mutafakkir Muhammad Rizo Ogahiy tomonidan o’zbek tiliga o’girilgan.

Kaykovus o’z davrining qomusiy bilimlarga ega mutafakkirlaridan biri bo’lib, u tibbiyot, falakiyot, ayniqsa diniy bilimlarni mukammal egallagan.

Kaykovus qalamiga mansub “Qobusnoma” asarining fazilatlari cheksiz bo’lib, unda ham jismoniy, ham ma’naviy-ahloqiy tarbiyaning barcha qirralari o’ta zukkolik bilan tahlil qilinadi. SHarq mutafakkirlarining pedagogikaga oid asarlarini o’rganar ekanmiz, ularda har bir ta’limiy-tarbiyaviy masala bilan uzviy bog’langan hikoyatlarga duch kelamiz. “Qobusnoma”ga kiritilgan o’nlab hikoyatlar ham asarning g’oyaviy va badiiy yuksakligini birdek ta’minlagan.

SHunisi e’tiborga molikki, “Qobusnoma” asarining muallifi Kaykovus nafaqat ota, shoh, olim, balki insonlarning tashqi ko’rinishiga qarab, ularning ruhiyatini mukammal bilgan ruhiyatshunos bo’lganligi ham o’quvchini hayratga soladi. Buni uning quyidagi maslahatlari orqali bilib olish qiyin emas: “Bir majlisda o’tirsang, majlis ahliga qaragil, agar eshitguvchi qizil yuzlik va moshguruch soqollik bo’lsa, (kuyni) uzluksiz va nozik ovoz bilan chertg’il; agar (tinglovchi) qora yuzlik, ozg’in bo’lsa, (cholg’uni) ko’proq uch tor bilan chertg’il, agar (eshituvchi) oq semiz va rutubatli bo’lsa, musiqani ko’proq baland pardalar bilan chertg’il, sababi bu rud (musiqa asbobi)ni odamning to’rt ta’bi (toifasi) uchun muhayyo qilmishlar”1.

SHuningdek, muallif musiqaga she’r tanlash borasida ham quyidagi holatlarni nazardan chetda qoldirmaslik kerakligini uqdiradi: “Hofizlik qilsang, she’r yozmoqni ham bilsang, o’z she’ringni aytmoqqa berilib ketmagil, sababi sening she’ring o’zingga xush kelsa ham, boshqaga xush kelmasligi mumkin, chunki hofizlar xalq she’rini o’qiguvchilardur, o’z she’rini o’qiguvchilar emas”2.

Xulosa shulki, musiqa ijrochiligi-yu, ijodkorligi sohasida ham mukammal bilim va malakaga ega bo’lgan Kaykovus nafaqat farzandiga, balki shu kasbni tanlagan barcha musiqachilarga benazir “Qobusnoma” asari orqali o’zining qimmatli maslahatlarini berib yo’l ko’rsatadi.

Kaykovus yirik davlat arbobi sifatida o’g’li Gilonshohga podshohlik, vazirlik kabi ulug’ martabadan tortib, dehqonchilik ishlari-yu, dehqon odobigacha bo’lgan umuminsoniy masalalar xususida ta’lim beradi. Asarning ahamiyati shundaki, barcha zamon va ijtimoiy-siyosiy sharoitlarda ham yoshlarni barkamol inson qilib tarbiyalashda “Qobusnoma” o’z qiymatini aslo yo’qotmaydi.


Abu Ali ibn Sinoning musiqiy-nazariy merosi

(980–1037)

Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning serqirra ilmiy merosida musiqa muhim va salmoqli o’rin tutadi. Ibn Sino o’zidan oldin o’tgan yunon faylasuflari Aristotel’, Ptolomey, Evklid, shuningdek, SHarq olimlari Kindiy, Xorazmiy va Forobiy asarlarini ijobiy o’zlashtirib, musiqa ilmida mustaqil ta’limot yaratdi. Alloma qo’yilgan masalalarning kengligi, yoritilish darajasining teranligi nuqtai nazaridan o’z zamonida beqiyos bo’lgan. Ibn Sino ta’limotining ahamiyati davr doirasi bilan cheklanmasdan, balki SHarq va G’arb musiqasining keyingi rivojlanishida ham muhim ahamiyat kasb etadi.

Abu Ali ibn Sino musiqa ilmini yoshligidanoq puxta egallagan. Allomaning tarjimai holida yozilishicha, yoshligida riyoziyot (matematika), falsafa, tibbiyot ilmlarini puxta o’rgangan, Qur’oni Karimni yoddan bilgan. Ma’lumki, musiqa ilmi matematikaning tarkibiy qismi bo’lgan. Ibn Sino buyuk allomalar Ptolemey va Evklid asarlari bilan tanish bo’lgan. U 17 yoshidayoq olim sifatida shakllandi, katta nufuzli shifokor bo’lib yetishdi.

“Kitob al-qonun fit-tib” (“Tib qonunlari”)3 qomusiy asari uni jahon miqyosida katta shon-shuhrat pog’onasiga olib chiqdi. Mazkur asarning lotin tilidagi tarjimasi XV asr oxirlarida dastlabki bosma asarlar qatorida chop etilgan. 1593 yilda “Qonun”larning arabcha asl nusxasi Rimda nashr etildi va XVII asrga qadar ko’p marta chop etildi; G’arb tibbiyoti “Qonun” ta’siri ostida bo’ldi.

Ibn Sino ushbu asarida avvalo musiqaning ruhiy ta’sir kuchiga baho berib, go’dak tarbiyasidagi ahamiyatini oddiygina ta’riflaydi: “Go’dak organizmining chiniqishi uchun ikki narsa zarur: biri uni asta qimirlatib tebratish, ikkinchisi onaning qo’shig’i (allasi). Birinchisi (bolaning) tanasiga, ikkinchisi – ruhiga tegishlidir”.

Ibn Sinoning navqiron davri ona shahri Buxoroda o’tgan. Bu davrda Buxoro rivojlangan shaharlardan edi.

O’z navbatida ta’kidlash kerakki, allomaning o’smirlik chog’lari Somoniylar hukmdorligida o’tgan bo’lsa-da, ammo ijodiy barkamollikka erishgan yillari Qoraxoniylar hukmronligi davriga to’g’ri keladi.

Ibn Sino yashagan davrda, yangi talablarga buysundirilgan holda qayta o’zlashtirilgan Rost, Zangula, Zirafkand, Raxoviy, Navro’z va shunga o’xshagan qadimiy yo’llar O’rta va Yaqin SHarq mumtoz musiqasining yangi tizimi maqomlar tarkibiga singdirila boshlagan (Ibn Sino zamonida maqom iborasi hali keng joriy qilinmasdan ustozona mumtoz musiqa namunalari yuqorida zikr etilgan Iroq, Navo kabi parda nomlari bilan yuritilgan. Bular maqomlarning toifadoshlari edi).

Ibn Sino musiqa borasidagi qarashlarining asosiy xususiyati, hamda Forobiy ta’limotidan farqli tomonlaridan biri shundaki, Ibn Sino o’z musiqa nazariyasini (asosan ilmu ta’lifni) ko’proq tovushning fizik xususiyatlariga qarata tuzishga intiladi. Forobiy esa nazariyani ko’proq tajriba va idroklash qonuniyatlari bilan bog’laydi. Bunda Ibn Sino ta’limotining kuchli va zaif tomonlari namoyon bo’ladi. Zaif tomoni shundan iboratki, Ibi Sino musiqaning ichki tuzilish va idroklash konuniyatlarini absolyutlashtirmoqchi bo’ladi. Kuchli tomoni shundaki, musiqani faqat tajribaning o’ziga bog’lab qo’ymasdan, uni fan va ilmiy tafakkur yordamida rivojlantirishga da’vat etadi.

Ibn Sinoning musiqaviy ta’limotida estetika, nazariya va amaliyotga oid qator dolzarb masalalar o’z aksini topgan.

Musiqani inson faoliyatining mahsuloti, aloqa vositasi deb tushunishga asoslangan Ibn Sino estetikasi, O’rta asrlar musiqa tafakkurining eng ilg’or ko’rinishlaridan biridir. Ibn Sino o’zining “Javami ilmil-musiqa” asarini g’oyaviy qarashlarni to’g’ridan-to’g’ri rad qilishdan boshlaydi: “...biz musiqa pardalarining munosabatini falaksiymolar va ruhning ahloqiy xususiyatlariga qiyos qilishga e’tibor bermaymiz; chunki bu bir ilmni ikkinchisidan ajratib ololmaydiganlarning odatidir”. Bu musiqani progressiv yo’nalishlarini qo’llab-quvvatlash, idealistik qarashlardan muxofaza qilishda O’rta asrlar sharoitida juda katta ilmiy matonat edi. Ibn Sinoning ilmu ta’lif nazariyasida ham uning barcha kategoriyalari, tovushdan to murakkab tuzilmalargacha batafsil ko’rib chiqiladi.

Forobiy Jadvalida tovushlar tizimining negizini tabiiy intervallar tashkil qiladi. Bu hol ayrim tadqiqotchilarga Ibn Sinoni musiqada “sof parda tizimi”ning bunyodkori deyishga asos bergan. Aslida esa Ibn Sinoda “sof parda tizimini” polifonik yoki garmonik kamsadolikning asosi deb tushunish hali bo’lmagan edi. Bu intervallarni afzal ko’rish esa musiqani tabiiy asoslarga yaqinlashtirish istagi bilan bog’liq edi (akustika qonuniga ko’ra, har bir tovush tarkibida ko’plab tovushlar mavjud. Ular obertonlar deb yuritiladi va ma’lum tartibda joylashgan bo’ladi. Obertonlar tartibi tabiiy tovushqator, intervallari esa tabiiy intervallar deyiladi).

Ibn Sinoning ilmu iyqo’ borasidagi qarashlari ham diqqatta sazovor. U kuyning go’zalligini va ichki xususiyatini ko’p jihatdan mutanosib vaznga bog’laydi; va shunga ko’ra, vaznni musiqaning muhim omili deb biladi.

Bu borada Ibn Sino Arastu an’analarining davomchisi bo’lib, musiqa va she’riyat masalalarini SHarq madaniyati zaminida davom ettirgan donishmanddir. SHe’riyat va musiqa orasidagi eng katta ko’prik vazn ekanligini qayd qilgan Ibn Sino, vazn masalalariga, musiqa va she’riyat tabiiy uyg’unlashuvi muammolariga alohida e’tibor bergan. Alloma she’riyat va musiqa vazni, ular mazmunining chambarchas bog’lanishi, musiqa asari mukammalligining eng muhim shartlaridan biri deb bilgan. Ibn Sino o’z navbatida musiqa cholg’ularini ham keng o’rgangan. E’tiborli tomoni shundaki, odam ovozini olim eng mukammal asbob deb bilgan va cholg’u asboblarini ham unga qiyoslab o’rgangan. Ibn Sinoning sevimli asbobi g’ijjak bo’lgan emish. U g’ijjakni odam ovoziga eng yaqin turadigan tabiiy va qoyilmaqom cholg’u asbobi deb bilgan. Bundan tashqari ud, tanbur, rubob, nay, surnay va qonun asboblari to’g’risida ma’lumotlar berib, ularning ijrochilik xususiyatlari, o’zaro qo’shilishiga tegishli ko’p masalalarga to’xtalib o’tgan.

Maqomshunos olim I.Rajabov ta’kidlaganidek, “Abu Nasr Forobiy va Ibn Sino o’zlarining risolalarida SHarq musiqa nazariyasini sharhlab, ayniqsa maqom masalalarini nazariy jihatdan asoslab beradilar va ularning asarlarida bu masala o’zining klassik ta’rifini topdi. Buyuk olimlarning maqom haqidagi izchil ta’limoti bu masalalarning yoritilishida XIII-XV asrlarda yashab ijod etgan musiqa nazariyachilari asarlari mazmunini aniqlab berdi. Bu hol Urmaviy, SHeroziy, Husayniy va Jomiy asarlarida yaqqol ko’zga tashlanadi”4.

Ibn Zayla (vafoti 1044) Ibn Sinoning shogirdi bo’lgan mashhur musiqashunosdir. O’rta asr manbalariga ko’ra, Abu Mansur ibn Zayla 1044 yili navqiron yoshida olamdan o’tgan. Lekin qisqa umri davomida fanning turli sohalarida puxta asarlar yaratib, o’z davrining yetuk olimlaridan hisoblanganligi uchun zamondoshlari uni al-Hakim (Donishmand) deb ataganlar. Musiqa ilmida Ibn Zaylaning yagona asari “To’liq musiqa kitobi” (“Kitob al-kafiy fil musiqa”) ma’lum. Ibn Zayla ijodi Ibn Sinoning musiqaviy qarashlarining katta ta’siri ostida shakllangan.

Safiuddin Urmaviyning musiqiy-nazariy merosi

Safiuddin Abdulmo’min bin Yusuf bin Faxir al-Urmaviy al-Bag’dodiy o’rta asrlar musulmon sharqi xalqlarining buyuk musiqashunos olimi va bastakori edi. U SHarq musiqa ilmining Forobiy va Ibn Sinodan keyingi eng yirik namoyandasi hisoblanadi. Urmaviy buyuk Forobiy kabi musiqa ilmi va amaliyotida birdek zabardast bo’lgan. U 1216 yil Bag’dod shahrida devon kotibi oilasida tavallud topdi. Uning otasi Abbosiy xalifa Mustasin Billoh saroyida xizmat qilib, asli Eronning Urmiya shahridan edi. SHu bois Safiuddin ham yoshligidan saroy muhitida tarbiya topib, o’z davrining barcha bilim sohalari, ayniqsa musiqa va she’riyat sohasida yuqori bilimlarga ega bo’ldi. Safiuddin Urmaviy 19 yoshligida mohir sozanda, hofiz va mashhur bastakor bo’lib tanilgan. Safiuddin Urmaviyning musiqiy iste’dodi, bilim va mahorati haqida o’z davrida va keyingi zamonlarda ko’plab rivoyatlar paydo bo’lgan. Safiuddin boshqa ilmlarda, xususan, aniq fanlar, she’riyat borasida ham katta shuhrat qozongan. Zamonasining yirik matematigi Nasriddin Tusiy asarlari Safiuddin ijodiga zo’r ta’sir ko’rsatgan va uning musiqaviy qarashlarida ratsionalistik g’oyalarning yuksakka ko’tarilishiga olib kelgan.

1258 yili Bag’dodni mo’g’ullar egallagandan so’ng, Urmaviy Xulaguxon saroyida saroy musiqachisi sifatida keyinchalik esa buyuk vazir Alouddin Atoulmulk al-Juvayniy, so’ng uning ukasi SHamsiddin Atoulmulk xonadonlarida xizmat qiladi. Uning “Kitobul-advor” (“Musiqa va ritm doiralari kitobi”), “Risalatush-SHarafiya” (“SHarafli risola”) asarlari5 SHamsiddin Atoulmulkning o’g’li SHarafiddinga bag’ishlab yozilgan. Bu ikki asar Urmaviyning musiqaga oid eng mashhur asarlaridir.

U o’zidan oldin o’tgan olimlar Forobiy, Ibn Sino meroslarini ijodiy o’zlashtirib, musiqa ilmini yangi pog’onaga ko’targan.

“Kitabul advor” vazir al-Juvayniy buyurtmasi bo’yicha yozilgan bo’lib, uning eng qadimiy nusxasi 1236 yili ko’chirilgan va hozirgi vaqtda Turkiyada saqlanmoqda. Yana bir nusxasi 1466 yil Hirotda Navoiy butortmasi asosida ko’chirilgan (Ayni vaqtda u Toshkentda UzFASHI kutubxonasida inv. № 2795 raqami ostida saqlanmoqda). Asar qisqacha muqaddima va 15 fasldan iborat. Muqaddimada Urmaviy kitobning yozilish tarixi, uning maqsad va vazifalari haqida gapiradi.

1-fasl musiqiy tovushning vujudga kelishi, nag’ma ta’rifi va uning pastu-balandlik sabablari masalalariga bag’ishlangan.

“Kitobul-advor”dan keyin bitilgan deyarli barcha risolalar uning tuzilishi va mazmuniga asoslanadi.

Urmaviyning ilmu ta’lif borasidagi qarashlari SHarq musiqasida hozirgacha o’z ahamiyatini saqlab kelmoqda. Bu ta’limotning xususiyati nimada? Agar Forobiy va Ibn Sino musiqaning parda tuzilish tizimini empirik asosda (ya’ni tajribaga tayanib) tuzgan bo’lsalar, Urmaviy bu jihatdan mafkuriy g’oyalarni oldinga suradi. U Forobiy va Ibn Sino tovushqatorlari asosida katta-kichikligi turlicha bo’lgan pardalar yotsa, Urmaviy ularni bir xilda teng taqsimlashni joriy qiladi. Oldingi nazariyaga ko’ra, jins pardalari turlicha bo’lganligi sababli, ularning faqat mos keladiganlarini o’zaro ulash mumkin bo’lgan. Safiuddin tizimida jins iitervallar yagona negizdan hosil bo’lganligi uchun ularning barchasini bir-biriga qo’shish imkoniyati tug’iladi va shu tufayli jinslardan hosil bo’ladigan ja’mlar doirasi nihoyatda kengayadi.

Safiuddin Urmaviy tovushqatorida oldindan ma’lum bo’lgan I baqiya (nisbati 243/256) intervali asos qilib olinadi. Jinsning butun pardalari (mutlaq-sabboba va sabboba-binsir oralari) uning yordamida bo’linadi. Har bir butun pardadan ikki baqiya va kichik qoldiq – fazla intervali hosil bo’ladi.

Muhim tomoni shundaki, fazla mustaqil parda sifatida qo’llanilmaydi, balki boshqa intervallarning tarkibiga qo’shilib, ularning mohiyatini o’zgartiradi. Fazlaning ahamiyatini ma’lum darajada rus alifbosining yumshatish va ayirish belgilariga qiyos qilish mumkin. Bu belgilarning mustaqil fonetik ahamiyati bo’lmasa ham, boshqa harflarga qo’shilib, so’z mazmunini tubdan o’zgartiradi. Fazla yordamida butun va yarim pardalarning katta va kichik variantlari hosil bo’ladi. Baqiyayi sig’ar, baqiyayi kubar, mujannab, taniniy 90 tsent 114 tsent 180 tsent 204 tsent kabi.

SHunday qilib, xilma-xil pardalarning o’rniga, ularni teng bo’lingan variantlari ishlatiladi. Ushbu intervallarning turli tartibda joylashuvidan Safiuddin Urmaviy to’rt pog’onalik jinslarning 7, besh pog’onalik jinslarning 13 turini hosil qiladi.

Urmaviy birinchi bo’lib, 17 pardali ud cholg’usining tovushqatorini tartibga keltirdi. Yuqorida qayd qilinganidek, Safiuddin tizimida barcha jinslar o’zaro ulanishi mumkin. Demak, nazariy jihatdan jamlarning soni 91ta bo’ladi (bu raqam to’rt pog’onali va besh pog’onali jinslarning ko’paytiruvidan kelib chiqadi 7x13 x 91). Lekin bularning hammasi ham amalda ishlatiladigan jam’lar emas. Amalda ishlatiladiganlari esa o’zining ohangdorligiga qarab turlarga bo’linadi. Jam’lar mutanosibligi esa undagi sof intervallarning miqdoriga qarab belgilanadi. Agar jam’dagi sof intervallar (oktava, kvinta, kvarta) yig’indisi bosqichlar soniga teng yoki undan ko’p bo’lsa, bu toifa - maqomlar deb yuritiladi. SHu tariqa 91 jamning 12tasi maqomlar sirasiga kiradi. Musiqa ilmida jam’larning eng oliy navlariga nisbatan qo’llaniladi.

Safiuddin Urmaviy quyidagi parda maqomlarni tasnif etgan: Ushshoq, Navo, Busalik, Rost, Iroq, Isfaxon, Zirafkand, Buzurg, Zangula, Rohaviy, Husayniy, Hijoz. Bularga qo’shimcha 6ta ovoz mavjud bo’lgan: guvasht, gardaniya, salmak, navro’z, moh, shahnoz (ovozalar yuqoridagi maqom-advorning ma’lum bir bo’lagidir). SHuningdek, “SHarq nota yozuvi namunalarini ixtiro qilib, ular orqali maqom va boshqa tarzda yaratilgan kuylarni yozib qoldirdi.

O’rta Osiyo xalqlarida ham XVIII asrlargacha yashab kelgan maqomlar tizimi taxminan, shu davrlarda o’zining aniq ifodasini topgan edi (bu yerda so’z maqomlarning lad asosi xususida bormoqda)”6.

Urmaviyning iyqo’ ta’limoti o’z davri musiqa amaliyotining ritmik tizimiga asoslanadi. U barcha usullarni 6 xil davrlarga ajratadi: saqili avval, saqilus-soniy, hafifus-soniy, ramal, xafifur-ramal, xazaj.

O’n yetti pog’onali tovushqator xususida zamonamiz musiqashunoslari orasida turli baxslar haligacha davom etib kelmoqda. Ayrimlar SHarq musiqasi, jumladan, o’zbek musiqasining xususiyatlarini faqat shu o’n etti pog’onali tovushqator aks ettirishi mumkin va uning nazariy asoslari ham shunga tayanib, ochib berilishi lozim deb tushunganlar.

SHunday qilib, Safiuddin Urmaviyning musiqaga bag’ishlangan risolalari SHarq xalqlari, shu jumladan O’rta Osiyo xalqlari musiqa madaniyati, xususan maqomlar tarixida alohida bosqichni tashkil etadi. Olimning xizmatlari yana shundan iboratki, u o’zining o’tmishdoshlari mulohazalariga tanqidiy qaradi, shu bilan birga SHarq musiqa nazariyasini yangiliklar bilan boyitdi, unga aniqliklar kiritdi va musiqa madaniyati taraqqiyotiga bebaho ulush qo’shdi. Bu narsa, Urmaviydan keyinroq yashab ijod etgan ulkan qomuschi olim Mahmud SHeroziyning asarida ham ko’rsatib o’tiladi.

Mahmud SHeroziyning musiqa nazariyasi

(1236–1311)

Mahmud bin Mas’ud Qutbiddin SHeroziy zamonasining ulkan musiqa olimi edi. Uning hayoti mo’g’ul istilosi bilan bog’liq bo’lgan murakkab davrlarda kechadi. “Bu vaqtda O’rta Osiyo xalqlari CHingizxon galalarining hukmronligi ostida qoldilar. O’rta Osiyo xalqlar xo’jalikda va madaniyat sohalarida tanazzulga yuz tutdi, mahalliy fan, adabiyot va san’at istilochilar bosib olmagan yerlardagina rivojlanishda davom etadi. Mahmud SHeroziyning musiqiy asari ham xuddi shu davrning mahsuli edi”7.

Alloma SHeroz shahrida dunyoga kelib, boshlang’ich ma’lumotni ma’rifatli ziyolilardan bo’lgan otasidan oladi. Uning asosiy asari “Durratut toj li-g’urat-tid deboj” qomusidir8.

Tili forscha nusxaning “Dar ilmi musiqiy” bo’limi riyoziy fanlar qatoriga kiritilgan. Bo’lim muqaddima va 5 maqoladan iborat. Muqaddimada SHeroziy musiqiy va tabiiy tovushlarning estetik xususiyatlarini mubohasa etadi.

1-maqola 10 fasldan iborat bo’lib, unda musiqaning kelib chiqishi, musiqa ilmining mazmuni, uning sohalari, musiqa nazariyasi va amaliyoti xususida so’z yuritiladi.

2-maqola ham 10 fasldan iborat bo’lib, unda pardalar, tovushqatorlar tartibi, ularning matematik ko’rsatkichlari, muloyim va mutanofir sabablari, darajalari, intervalning ta’rifi haqida ma’lumotlar keltiriladi.

3-maqola 10 fasldan tarkib topib, unda asosan intervallarning tuzilishi, turlari haqida so’z yuritiladi (bunda SHeroziy Forobiy nazariyasiga to’la tayanadi).

4-maqola 4 fasl va xotimadan iborat. Dastlabki 4 faslda SHeroziy jins va jam’larning hosil bo’lishi, ularning turlari, tabaqot (registr)ni tushuntiradi. Xotima qismi 11 mubohasadan iborat. Unda muallif cholg’u turlari, ularning tuzilishi haqida ma’lumotlar keltirib, nazariy mashg’ulot uchun udning afzalligini e’tirof qiladi. Bunda SHeroziy 17 pardali tovushqator tizimidan 12 advor (maqom) va 24 sho’’ba turkumini aniqlaydi.

5-maqola 7 fasl va xotimadan tuzilgan. Unda musiqiy ritmika masalalari o’rganiladi. Bu borada SHeroziy Forobiy nazariyasiga asoslanadi va 18 iyqo’ davrlarini batafsil sharhlab o’tadi. Xotima qismida esa kuylarning yozuv usullari-notatsiyalar masalasi yoritiladi.

Maqomshunos olim I.Rajabov ta’kidlaganidek, “Mahmud SHeroziyning musiqa risolasi o’zining to’laligi, chuqur ilmiy asosda ekanligi bilan alohida ajralib turadi. Bu asarda Forobiy zamonasidan to XIV asr boshlariga qadar bo’lgan SHarq musiqa nazariyasining tarixiy taraqqiyot yo’li o’z ifodasini topgan”9.

Mahmud SHeroziy musiqaning ma’lum nazariy masalasi yuzasidan fikr yuritar ekan, u o’tmishdoshlari asarlarida berilgan ta’riflarni bir-biriga taqqoslab, ulardan parchalar keltiradi hamda o’zining tanqidiy mulohazalarini aytadi; eng so’nggida esa, har bir nazariy masala yuzasidan o’zining puxta ta’rifini beradi. “Dar ilmi musiqiy” asarini o’z zamonasida bu sohada yaratilgan risolalar orasida jiddiy ilmiy tadqiqot natijasida yuzaga kelgan mukammal nazariy qo’llanma deyish mumkin. Bu teran asar Mahmud SHeroziyning musiqadagi nazariy va amaliy masalalarni chuqur egallagan bilimdon kishi bo’lganligini tasdiqlaydi.


Nazorat uchun savollar:

  1. Qoraxoniylar davri xususida ma’lumot beruvchi qadimiy manbani bilasizmi?

  2. Qoraxoniylar davrining tilshunos olimi kim edi? Uning yaratgan asari qanday nomlangan?

  3. Yusuf xos Hojibning “Qutadg’u bilig” va Mahmud Qoshg’ariyning “Devoni lug’otit turk” asarlari xususida gapiring.

  4. Qoraxoniylar davrida Xorazm qaysi davlat tasarrufiga kirgan?

  5. “Ma’mun akademiyasi” va uning faoliyati xususida so’zlang.

  6. Kaykovusning “Qobusnoma” asari qachon va kimga atab yozilgan?

  7. Qobusnoma nechta bobdan iborat, unda qaysi sohalar xususida so’z yuritiladi?

  8. Qobusnomaning musiqaga bag’ishlangan bobi xususida so’zlab bering.

  9. Mahmud SHeroziyning SHarq musiqa ilmida tutgan o’rni qanday?

  10. Mahmud SHeroziyning “Durrat-tut toj li g’ur-ratud deboj” asari xususida gapiring.

  11. M.SHeroziyning “Dar ilmi musiqiy” asarida musiqaning qaysi masalalari yoritilgan.

  12. Buyuk musiqashunos olim Safiuddin Urmaviyning SHarq musiqa ilmiga qo’shgan hissasi xususida gapiring.

  13. S.Urmaviyning ilmiy qarashlari Forobiy va Ibn Sinolarning musiqiy ta’limotlaridan farq qilganmi?

  14. S.Urmaviyning musiqaga oid qanday asarlarini bilasiz?

  15. S.Urmaviy qalamiga mansub “Kitabul avdor” asari haqida so’zlab bering.

  16. SHarq nota yozuvi va bu borada S.Urmaviy xizmatlari xususida gapiring.

  17. Buyuk mutafakkir Abu Ali ibn Sinoning SHarq musiqa nazariyasiga qo’shgan hissasi qanday edi?

  18. O’rta asrlarda yaratilgan musiqaga oid asarlar qaysi tabiiy fan qatorida bo’lgan?

  19. Ibn Sinoning musiqa ilmiga doir asarlarini sanab bering.

  20. Ibn Sino musiqa ta’limotining Forobiynikidan farqi nimada?

  21. Ibn Sinoning “Javami ilmil musiqa” asari xususida gapiring.


1 Кайковус. Қобуснома. “Ўқитувчи”, Т., 2011, 149-б.

2 Шу манба, 149-б.

3 Абу Али ибн Сино. “Қонуну фит-тибб”, 1-жилд, Т., 1956.

4 Ражабов И. Мақомлар. Т., “SAN’AT” нашриёти, 2006, 18-б.

5 Алломанинг ушбу асарлари француз тилига таржима қилинган ва чоп этилган: R.D’Erlanger, La musique arabe, V. III, Paris, 1938. Сафиуддин Урмавийнинг мусиқавий қарашлари ҳақида йирик француз олими Карра де Вонинг катта мақоласи босилиб чиққан. Қаранг: La traite des rapports musicaux ou l’epitre a Sharaf ed. Din Abd al-Mumin, Journal Asiatique, Paris, 1891, p.279. 355; Шунингдек, “Китабул-адвор” асари мусиқашунос олим А.Назаров томонидан ўзбек тилига ўгирилган бўлиб, унинг №849 рақамли қўлёзма нусхаси Санъатшунослик институти кутубхонасида сақланади.

6 Ражабов И. Мақомлар. Т., “SAN’AT” нашриёти, 2006, 20-б.

7 Ражабов И. Мақомлар. Т., “SAN’AT” нашриёти, 2006, 21-б.

8 Асарнинг энг яхши нусхаси ЎзР ФАШИ кутубхонасида сақланади. Қўлёзма инв.№816. Кўчирилган йили 1309 й. Қомуснинг 31 варағи мусиқага бағишланган.

9 Ражабов И. Мақомлар. Т., “SAN’AT” нашриёти, 2006, 22-б.



Скачать

Рекомендуем курсы ПК и ППК для учителей

Вебинар для учителей

Свидетельство об участии БЕСПЛАТНО!